Shveytsariya prezidenti: Putin XJS qaroriga qaramay, navbatdagi Tinchlik sammitida qatnashishi mumkin
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xalqaro jinoiy sud uni hibsga olishga order berganiga qaramay, Shveytsariyada bo‘lishi mumkin bo‘lgan navbatdagi Tinchlik sammitida qatnasha oladi, dedi Shveytsariya prezidenti Viola Amherd matbuot anjumanida.
Viola Amherd Rossiyaning bo‘lajak muhokama va muzokaralarda ishtirok etishi zarurligini tan oldi, shu bilan birga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomiga rioya qilish zarurligini ta’kidladi.
Prezidentning so‘zlarini Shveytsariya tashqi ishlar vaziri Ignazio Kassis tasdiqladi.
“Buni tashkil qilish mumkin, bu bizning qonunlarimiz asosida mumkin. Albatta, biz buni XJS (Xalqaro jinoiy sud) bilan birgalikda qilishimiz kerak. Ammo mezbon davlat bu masalada istisno qilishi mumkin”, — deya Kassis so‘zlarini keltirgan Reuters.
Sammit ishtirokchilarining aksariyati tomonidan qabul qilingan yakuniy kommyunike avvalroq e’lon qilingan edi. Bundan tashqari, Zelenskiy ikkinchi sammit natijasida urushning tugashiga va’da bergan.
Sharhlar