Siam egizaklar bir-biridan muvaffaqiyatli ajratildi
AQSH kasalxonalaridan birida siam egizaklarda jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi va chaqaloqlar bir-biridan muvaffaqiyatli ajratildi. Aka-ukalar operatsiyadan taxminan bir oy o‘tib, qayta tug‘ilishini nishonlashgan.
Filadelfiya shahrida yashovchi Amari va Javar Ruffinlar 2023-yil sentabr oyida tug‘ilgan. Ularning ko‘krak suyagi, qorin devori va jigarining bir qismini o‘zaro birikib ketgan hamda tug’ulganida umumiy og‘irligi 2,7 kg bo’lgan.
Bolalar kasalxonasida yigirmadan ortiq mutaxassis, jumladan jarroh, anesteziolog, rentgenolog, hamshira va boshqa ko‘plab mutaxassislardan iborat guruh 21-avgust kuni bolalarni ajratish uchun sakkiz soat davomida harakat qilgan. Ularning qorinlari yopilgan, qatlamli to‘r va plastik jarrohlik usuli yordamida qayta shakllantirilgan.
“Bu holatda dunyoga kelganlarni ajratish har doim qiyin kechadi, chunki har bir egizak tanasi o‘ziga xos xususiyatga ega. Murakkab operatsiyaga kirishdan oldin soatlab tayyorgarlik ko‘rdik”, – deydi umumiy pediatriya va homila jarrohi Xolli Xedrik.
Xabarga ko‘ra, bolalar bir oy kasalxonada bo‘lgan. Nihoyat, seshanba kuni ota-onasi Tim va Shaneka ularni uyga olib ketgan.
“Ularning har birini o‘z to‘shagida ko‘rish ta’riflab bo‘lmaydigan tuyg‘u, biz olti kishilik oila sifatida yangi hayot boshlayotgandekmiz. Qayg‘uli kunlarni yengishda yordam bergan va keyingi bobni boshlash imkonini taqdim etganlardan juda minnatdormiz” – degan bolalarning onasi Shaneka Ruffin.
Shuningdek, ota-ona egizaklar qo‘shilgan holatda dunyoga kelishini homiladorlikning 12-haftasida muntazam ultra tovushli tekshiruv orqali bilgan. Lekin onaga, homiladorlikni to‘xtatish tavsiya qilinganida u rozi bo’lmagan.
Sharhlar