So‘rovnoma: ukrainaliklarning 70% Zelenskiy urush yakunigacha prezident lavozimida qolishi kerak deb hisoblaydi
Ukrainaning yetakchi sotsiologik xizmatlaridan biri, Kiev xalqaro sotsiologiya instituti prezident Vladimir Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlash darajasi bo‘yicha navbatdagi so‘rov natijalarini e’lon qildi. Joriy yilning may oyi oxirida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 70 foizi Zelenskiy harbiy holat yakunlangunicha prezident sifatida qolishi kerakligini bildirgan.
Shunday qilib, ushbu so‘rovga ishoniladigan bo‘lsa, ukrainaliklarning aksariyati Ukraina prezidentining qonuniyligiga shubha qilmaydi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Zelenskiyning to‘rt yillik muddatidan keyin ham o‘z lavozimida qolish huquqini bir necha bor shubha ostiga qo‘ygandi. Biroq huquqshunoslarning ta’kidlashicha, Ukraina qonunlari urush davrida saylovlar o‘tkazishni taqiqlaydi va amaldagi prezidentdan mamlakatning yangi saylangan rahbari o‘z lavozimiga kelguniga qadar o‘z vazifalarini bajarishini talab qiladi.
So‘rov mualliflari Ukraina aholisidan Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlash darajasi haqida ham so‘rashgan. “KMIS” ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina prezidenti faoliyatini mamlakat aholisining 56 foizi qo‘llab-quvvatlamoqda. Bundan tashqari, 2023-yil kuzida o‘tkazilgan avvalgi so‘rovda Zelenskiyning faoliyatini respondentlarning 77 foizi qo‘llab-quvvatlagan.
Sotsiologlarning qayd etishicha, ukrainaliklarning 58 foizi mamlakat rasmiylari muzokaralarda murosaga bormasligi va kerak bo‘lganida kurashni davom ettirishi kerak, deb hisoblaydi. Bu fikrga ega bo‘lganlar ulushi ham sezilarli darajada kamaygan (2022-yil may oyida bu ko‘rsatkich 80 foizni tashkil etgan).
Sharhlar