Stoltenberg: Putinning KXDRga tashrifi uning avtoritar mamlakatlarga qaramligidan dalolat beradi

Фото: REUTERS/Thomas Peter

NATO bosh kotibi Yens Stoltenbergning fikricha, Vladimir Putinning Kreml e’lon qilgan Shimoliy Koreyaga tashrifi Rossiyaning avtoritar davlatlarga qaramligi kuchayib borayotganidan dalolat beradi. Bu haqda u 17-iyun kuni Vashingtondagi Wilson Center tahliliy markazidagi chiqishi chog‘ida aytdi.

Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, Kreml hukmdorining Shimoliy Koreyaga safari “Prezident Putin va Moskva hozir dunyo bo‘ylab avtoritar davlatlarga qanchalik qaramligini ko‘rsatadi”.

“Ularning (Rossiya – Tah.) eng yaqin do‘stlari va Rossiyaning harbiy harakatlari, bosqinchilik urushining eng katta tarafdorlari Shimoliy Koreya, Eron va Xitoy hisoblanadi”, – deya qo‘shimcha qildi u.

NATO ushbu “yovuzlik o‘qi”ning hamkorligi bilan bog‘liq qanday choralar ko‘rishi mumkinligi haqidagi savolga, Stoltenberg Shimoliy Koreyaga qarshi allaqachon ko‘plab sanksiyalar joriy qilinganini eslatdi. “Muammo shundaki, Rossiya hozir bu sanksiyalarni buzmoqda”, – dedi bosh kotib.

Uning eslatishicha, Shimoliy Koreya allaqachon Rossiyaga bir million snaryad yetkazib bergan va bu qurol oqimi davom etmoqda.

Kreml avvalroq e’lon qilganidek, Putin 18-19 iyun kunlari KXDRga tashrif bilan boradi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.