Britaniya Ukrainaga Storm Shadow raketalari bilan Rossiyadagi nishonlarga hujum qilish huquqini berdi — The Guardian
The Guardian gazetasi Buyuk Britaniya hukumatidagi manbasiga tayanib, mamlakat Ukraina qurolli kuchlariga o‘zi yetkazib berayotgan Storm Shadow raketalari bilan Rossiya hududidagi nishonlarga hujum qilish huquqini beruvchi qaror qabul qilingani haqida xabar bermoqda. Biroq bu haqda yaqin kunlarda ommaga e’lon qilinmaydi.
Ayni paytda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi va AQSH davlat kotibi Entoni Blinken ishchi tashrif bilan Kiyevda bo‘lib turibdi. Ular Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuv o‘tkazdi. “Storm Shadow bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilinmaganida, Lemmi va Zelenskiy o‘rtasida uchrashuv bo‘lmagan bo‘lardi”, deb yozadi nashr.
Avvalroq The Times gazetasi Britaniya Storm Shadow raketalari bilan Rossiyaga zarba berilishini ma’qullashi uchun AQSH, Fransiya va yana bir NATO mamlakatining (aynan qaysi mamlakatligi aytilmagan) roziligi talab etilishi haqida yozgandi. 16-avgust kungi maqolada Britaniya AQSHga Storm Shadow bo‘yicha so‘rovni bir oy avval yuborgani, ammo haligacha javob olmagani aytilgandi.
Sharhlar