Suriyada harbiy jinoyatlarni sodir etishda gumon qilingan shaxslar Germaniyada hibsga olindi
Germaniya federal prokuraturasi Bashar Asad hukumatida ishlagan va Suriyada tinch aholini o‘ldirishga aloqadorlikda gumon qilingan besh kishi hibsga olinganini ma’lum qildi. Bu haqda DW xabar beradi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2012-yilda bu shaxslar hukumatga qarshi namoyish ishtirokchilariga qarata o‘q uzgan, natijada kamida olti kishi halok bo‘lgan.
Hibsga olinganlardan biri avvalroq Suriya maxfiy xizmati xodimi bo‘lgan, qolgan to‘rt nafari esa Damashq hukumati tomonidan tashkil qilingan qurolli ko‘ngilli tuzilma a’zolari bo‘lgan.
Besh nafari ham insoniyatga qarshi jinoyatlar va urush jinoyatlarini sodir etishda ayblanmoqda, ulardan to‘rt nafari, shuningdek, qiynoqlarda ham ayblanyapti. Sud 3 va 4-may kunlari ularni qamoqqa olish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining 2022-yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, Suriyada o‘n yildan ortiq davom etgan fuqarolar urushi kamida 306 887 nafar tinch aholining umriga zomin bo‘lgan.
BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarining 2023-yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, 5,3 millionga yaqin suriyalik urush sababli mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan.
Sharhlar