JSST: mobil telefonlardan foydalanish miya saratonini keltirib chiqarmaydi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) buyurtmasi bilan avstraliyalik olimlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalari e’lon qilindi, deb yozadi “Kommersant”. Tadqiqot doirasida dunyoning o‘nta mamlakatida 1994—2022-yillarda mobil telefonlardan foydalanish va miya saratonining yuqori xavfi o‘rtasida bog‘liqlik bor-yo‘qligi haqida to‘plangan ma’lumotlar tahlil qilindi.
Mobil aloqa endi paydo bo‘lgan vaqtlarda ko‘pchilik ekspertlar mobil telefonlardan boshga juda yaqin masofada tez-tez foydalanish miya saratoniga olib kelishidan xavfsiragan edi. Shu sababli mobil telefonlar ishlab chiqaruvchilari telefonlarning har bitta modelidagi radionurlanish darajasini o‘lchab, maxsus bukletlarda foydalanuvchilarga bu ma’lumotlarni oshkor qilardi.
Biroq Avstraliya radiatsiyadan himoya va yadroviy xavfsizlik boshqarmasi tomonidan 3-sentabr kuni e’lon qilingan xulosalarda aytilishicha, mobil telefonlardan foydalanish va miya saratoni yuzaga kelishi o‘rtasida bog‘liqlik aniqlanmagan.
Olingan ma’lumotlar asosida tadqiqotchilar ma’lum qilishicha, miya saratoni bilan kasallanishning umumiy darajasi tadqiqot o‘tkazish va ma’lumotlarni to‘plash davrida barqaror qolgan va foydalanuvchilar mobil telefonlarni tobora faolroq qo‘llagan davr mobaynida hech qanday tebranishlarni namoyon qilmagan.
1993-yildan 2022-yilga qadar qayd etilgan miya saratoni holatlari ko‘payishi diagnostika usullarining rivojlanishi, shuningdek, MRT-tekshiruvlari yanada keng tarqalishi bilan bog‘liq. Ta’kidlanishicha, 2003-yildan mobil telefonlardan foydalanish keskin o‘sishi fonida ushbu davrda miya saratoni bilan kasallanishda o‘sish kuzatilmagan.
Sharhlar