KXDRda o‘ta yirik jangovar kallakli taktik raketa sinovdan o‘tkazilgan
KXDRda 1-iyul kuni “Xvasonpxo-11da-4,5” yangi taktik ballistik raketaning sinov parvozi amalga oshirildi. Bu haqda Koreya Markaziy telegraf agentligi xabar bermoqda. Bunday turdagi raketa 4,5 tonnali o‘ta yirik jangovar kallak uchun mo‘ljallangan.
Parvoz barqarorligi va borib tushish aniqligini tekshirish uchun raketa minimal (90 km) va maksimal (500 km) masofaga uchirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 1-iyul kuni Janubiy Koreya harbiy qo‘mondonligi Shimoliy Koreyadan sharqiy yo‘nalishda noma’lum ballistik raketa uchirilganini qayd etgan edi. Keyinroq yana bir raketa parvozi qayd etilgan.
KXDR bir hafta ichida ikkinchi marta ballistik raketa uchirmoqda. 26-iyun kuni ertalab Pxenyan Yapon dengiziga qarata snaryad uchirgan edi. KXDR ajralib chiqadigan jangovar qismga ega raketani muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazganini da’vo qilgan edi. Seul taxmin qilishicha, Pxenyan gipertovushli raketaning sinov parvozini o‘tkazgan va u muvaffaqiyatsiz yakunlangan.
Sharhlar