Zyuganov prezidentning ba’zi yordamchilari Moskva meri saylovlarida Navalniyni “taxtga yetaklagani”ni aytdi
Rossiya Federatsiyasi kommunistik partiyasi (KPRF) yetakchisi Gennadiy Zyuganov Vladimir Putin bilan uchrashuvda 2013-yilda prezidentning “ba’zi yordamchilari” mer saylovlarida qatnashgan Aleksey Navalniyni “taxtga yetaklagani”ni aytdi, deb yozadi Meduza.
“Siz yaqinda Navalniy bo‘yicha savolga javob berishga majbur bo‘ldingiz. Juda samimiy javob berdingiz. Lekin Navalniy ham osmondan tushib qolmagan. Ba’zi yordamchilaringiz uni bu taxtga yetaklaganini ko‘rganman. Moskvada uni nomzod sifatida ilgari surishganida men kelib so‘ragandim: “Nima qilayotganingizni tushunyapsizmi? Siz hozir maxsus xizmatlar yana mamlakatni, Moskvadagi saylovchilarni portlatish uchun tayyorlagan odamlarni quvib yuboryapsiz”, deb”, — dedi Zyuganov Putin va Duma fraksiyasi yetakchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shu tariqa 2013-yilda qariyb 900 mingtani (kimligiga aniqlik kiritilmadi) quvib yuborishgan. “Keyin es anima qilish kerakligini o‘yladik. Hozir yangi sikl boshlanyapti, o‘xshash vaziyat. U hech kimga kerak emas. Mutlaqo”, — deya qo‘shib qo‘ydi Zyuganov.
Aleksey Navalniy qatnashgan Moskva meri saylovi 2013-yil sentabrida bo‘lib o‘tgandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u 27,24 foiz ovoz to‘plab, ikkinchi o‘rinni egallagandi. Saylovda shaharning amaldagi rahbari Sergey Sobyanin 51,37 foiz ovoz bilan g‘olib bo‘lgandi.
Navalniy Sobyaninning birinchi bosqichdagi g‘alabasi ustidan sudga murojaat qilib, hal qiluvchi 1,37 foiz ovoz (agar nomzod 50 foiz yoki undan kamroq ovoz yig‘sa, ikkinchi bosqich belgilanadi) saylovchilarni oziq-ovqatlar to‘plami bilan jalb qilish hamda meriya nazorati ostidagi matbuotdan haddan ortiq foydalanish hisobidan to‘planganini da’vo qildi. Moskva shahar sudi Navalniyning da’vosini qondirishdan bosh tortgandi.
Sharhlar