Tayvan joriy yilda AQSh dan HIMARS tizimlarini olishi mumkin

Фото: Газета ру

Joriy yil oxiridan 2026-yilgacha zarba berish qurilmalari bir necha partiyalarda yetkazib berish rejalashtirilgan. Jami 29 ta HIMARS majmuasi yetkazib beriladi, deya xabar beradi Tayvanning Taipei Times nashri.

2020 va 2022-yillarda Tayvan AQSh hukumati bilan 29 ta HIMARS raketa tizimini sotib olish bo‘yicha ikkita bitim tuzgandi.

Birinchi partiya 11 ta reaktiv tizimdan iborat bo‘ladi. Uni yetkazib berish joriy yilning oxirida boshlanadi va 2025-yilda tugaydi. Ikkinchi partiyaga yana 18 ta tizim, 300 km masofagacha uchadigan 84 ta MGM-140 taktik raketalari va umumiy qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan 864 ta oddiy raketalar kiradi.

Qurol-yarog‘ yetkazib berish Xitoyning ehtimoliy hujumiga qarshi turish maqsadida Tayvanning harbiy modernizatsiya dasturining bir qismidir. Tayvan 1949-yildan beri o‘z hukumati tomonidan boshqariladi va Xitoyning suverenitetga da’volarini rad etib keladi.

Qo‘shma Shtatlar “yagona Xitoy” siyosatini tan oladi va 1979-yildan beri Tayvan bilan diplomatik aloqalarga ega emas. Shu bilan birga, Vashington Tayvan armiyasi uchun asosiy qurol yetkazib beruvchi hisoblanadi. Ayni damda AQShning Tayvanga qurol yetkazib berish bo‘yicha qoldig‘i taxminan 19 milliard dollarga baholanmoqda.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.