Eron poytaxti Tehrondan boshqa joyga ko‘chirilishi mumkin
Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ma’lum qilishicha, Tehron shunday muammolar bilan to‘qnash kelmoqdaki, ularni poytaxtni boshqa joyga ko‘chirmasdan turib hal etib bo‘lmaydi. Uning fikricha, respublikaning bosh shahri janubda joylashishi kerak, deb yozadi “Kommersant”.
“Bizda iqtisodiy va siyosiy markazni mamlakatning janubiy qirg‘oqlariga ko‘chirishdan boshqa yo‘l yo‘q… Xomashyoni janubdan va qirg‘oqbo‘yidan markazga yetkazib berish, tayyor mahsulotni yaratish va uni eksport uchun janubga qayta yuborish bizning raqobatbardoshliligimizni ahamiyatli darajada pasaytiradi”, — dedi Pezeshkiyon.
Prezidentning fikricha, hukumat birinchi qadamni tashlashi kerak, toki odamlar unga ergashsin. Tehrondagi muammolar qatorida u suv tanqisligi, havoning ifloslanishi va tuproq cho‘kishini aytib o‘tdi.
Tehron — Erondagi eng yirik shahar. Uning aholisi 13 million kishidan oshadi. 1795-yildan buyon poytaxt bo‘lib kelmoqda. Poytaxtni boshqa joyga ko‘chirish avval ham bir necha marta muhokama qilingan.
Sharhlar