The Times: Buyuk Britaniya Rossiyaning yadro qurolini yo‘q qilishga qodir bo‘lgan uzoq masofali raketalarni ishlab chiqishni rejalashtirmoqda

Фото: Ведомости

Buyuk Britaniya Rossiya hududidan uchirilgan taktik yadro qurollarini yo‘q qila oladigan 3200 kilometrgacha masofaga uchuvchi uzoq masofali raketalarni yaratish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Britaniyaning The Times gazetasi diplomatik manbalarga tayanib xabar beradi.

Nashrning yozishicha, Buyuk Britaniya Germaniya bilan yangi qurollarni yaratishda hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda. Germaniya hududida joylashtirilishi rejalashtirilgan raketalar 2026 yildan boshlab joylashtirilishi kutilayotgan Amerika raketalarining o‘rnini bosadi. Diplomatik manbaning aytishicha, Yevropa o‘z raketalarini ishlab chiqayotgan paytda AQSh qurollari “oraliq bo‘g‘in” bo‘lib xizmat qiladi.

Avvalroq Fransiya, Italiya, Polsha va Germaniya uzoq masofali raketalarni birgalikda ishlab chiqishga kelishib olgan edi. Biroq The Times nashrining yozishicha, Germaniya Buyuk Britaniyani ham loyihaga qo‘shilishga taklif qilgan va Britaniya tomoni rozi bo‘lgan.

Gazetaning yozishicha, Buyuk Britaniya va Germaniya mudofaa vazirlari 24-iyul kuni Berlindagi uchrashuvda bu masalani muhokama qilgan. Britaniya mudofaa doiralaridagi manba hamkorlikning turli variantlari muhokama qilinganini, ammo yakuniy qaror hali qabul qilinmaganini qayd etadi. Buyuk Britaniya hali ikki tomonlama yoki ko‘p tomonlama hamkorlikka kirishish haqida bir qarorga kelmagan.

Uchrashuvda Buyuk Britaniya va Germaniya mudofaa vazirlari qo‘shma deklaratsiyani imzoladi, unda ular “uzoq masofaga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatlari sohasida” ishlash niyatida ekanliklarini bildirishgan.

Shuningdek, diplomatik manba Rossiya prezidenti Vladimir Putin va boshqa rossiyalik rasmiylarning so‘nggi bayonotlari Rossiya tomonidan taktik yadro qurolini qo‘llash chegarasi pasaytirilganidan dalolat berishini, bu esa jiddiy xavotir uyg‘otayotganini ta’kidladi.

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.