Zelenskiy Putin keyingi tinchlik sammitida qatnashishini istisno qilmadi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 3-iyul kuni e’lon qilingan Bloomberg nashri bilan intervyusida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina tomonidan tashkil qilinadigan keyingi tinchlik sammitiga taklif etilishi mumkinligini istisno qilmadi, deb yozadi Meduza.
Shu bilan birga, Zelenskiy agar Rossiya va Ukraina muzokaralar boshlash usulini topishga muvaffaq bo‘lsa ham, u Putin “yaqin orada” ularda qatnshishini kutmayotganini aytdi, chunki Rossiya prezidenti “juda qo‘rqib qolganidan kelolmaydi” deb hisoblaydi.
Zelenskiyning fikricha, urush “Ukraina va butun dunyo uchun adolatli tarzda yakun topishi” uchun AQSH va Xitoy “ixtiloflarni bir chekkaga surib qo‘yib”, birgalikda vositachilar rolini bajarishi kerak.
Zelenskiy ta’kidlashicha, Xitoy urushni tartibga solishda “jiddiy rol”ni o‘ynashi kerak, chunki Rossiya Xitoy eksport bozoriga juda bog‘liq. Ukraina prezidenti Xitoy raisi Si Szinpindan bitta qo‘ng‘iroq Ukrainadagi inqirozga nuqta qo‘yishi mumkin, deya ma’lum qilgan Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubbning fikriga qo‘shildi.
Shveysariyada 15—16-iyun kunlari Ukraina tashabbusi bilan tinchlik sammiti bo‘lib o‘tdi, unda Kiyevning “tinchlik formulasi” muhokama qilindi. Sammitda 90 dan ortiq mamlakat vakillari qatnashdi, ammo Rossiya unga taklif qilinmadi, natijada Xitoy ham unda ishtirok etishdan bosh tortdi.
Sharhlar