Tojikiston o‘z fuqarolarining Rossiyadagi teraktga aloqadorligi haqidagi xabarlarni rad etdi

Foto: “Trend.az”

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi respublika fuqarolari Podmoskovyedagi teraktga aloqadorligi haqidagi xabarlarni yolg‘on deb atadi.

“Tojikiston tomoni ayni paytda tarqalib ketgan, Tojikiston fuqarolari teraktga aloqadorligi haqidagi feyk xabarlar haqida Rossiya rasmiy ma’murlaridan tasdiq olmagan. Shu munosabat bilan, Rossiya davlat organlari tomonidan tarqatilayotgan rasmiy axborotga tayanishni so‘raymiz”, — deyiladi mamlakat TIV xabarida.

Shuningdek, tekshirilmagan va yolg‘on xabar tarqatish ayni paytda mamlakatdan tashqarida bo‘lgan Tojikiston fuqarolariga zarar yetkazishi mumkinligini e’tiborga olish so‘ralgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Bryansk viloyatida huquq-tartibot organlari xodimlari “Krokus Siti Xoll” konsert zalidagi terakt yuzasidan qidirilayotgan avtomobilni to‘xtatgani xabar berilgan edi. Mashinada, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, olti kishi bo‘lgan, ularning ikki nafari qo‘lga olingan, qolganlar qochib ketgan. Tojikiston fuqarolari qo‘lga olingan, deyiladi xabarda.

22-mart kuni kechqurun “Krokus Siti Xoll”da yuz bergan teraktda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 60 dan ortiq odam halok bo‘lib, 140 dan ziyod kishi jabrlangan. “112” Telegram-kanali keltirayotgan norasmiy ma’lumotlar bo‘yicha esa, 82 kishi halok bo‘lgan va 183 kishi jabrlangan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.