Tojikistonda jurnalist Ruxshona Hakimova “davlatga xiyonat qilish”da ayblandi
Tojikistonda 31 yoshli jurnalist Ruxshona Hakimova “davlatga xiyonat”da (Jinoyat kodeksining 305-moddasi) ayblandi. Bu ish bo‘yicha sud jarayoni yopiq eshiklar ortida o‘tmoqda, deb yozadi “Ozodlik” radiosining tojik xizmati manbalarga tayangan holda.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, ish mamlakat Bosh prokuraturasi tomonidan 2024 yilning iyulida ochilgan va ayblovga jurnalistning Tojikistonga Xitoyning ta’siri mavzusida o‘tkazgan so‘rovi sabab bo‘lgan.
Qayd etilganidek, uning respondentlari orasida Demokratik partiyaning sobiq raisi Saidja’far Usmonzoda va sotsial-demokratik partiya rahbarining o‘rinbosari Shokirjon Hakimov (u jurnalistning amakisi) ham bo‘lgan. Ikkala siyosatchi ham noyabr oyi o‘rtalarida matbuot uchun yopiq bo‘lgan sud jarayonida “to‘ntarishga urinish” ishi bo‘yicha ayblanmoqda.
“Ozodi” ma’lumotlariga ko‘ra, Ruxshona Hakimova besh oylik chaqalog‘i borligi uchun uy qamog‘ida. Shu bilan birga, jurnalistning ichki va xorijiy pasportlari olib qo‘yilgan. U advokati kabi OAV bilan muloqotdan qochadi.
Avvalroq Hakimova Tojikiston Jurnalistik surishtiruvlar markazi va ayrim xalqaro media tashkilotlarida ishlagan.
Saidja’far Usmonzoda va Shokirjon Hakimov 2024-yilning yozida hibsga olingan edi. Ular bilan birga “to‘ntarishga urinish” ishi bo‘yicha bir qator amaldagi va sobiq hukumat amaldorlari, jumladan, Tashqi ishlar vazirligining sobiq rahbari, Tojikiston Oliy Kengashining sobiq raisi va boshqalar hibsga olingan.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, sudlanuvchilarga turli ayblovlar, jumladan, hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olishga urinish (Jinoyat kodeksining 306-moddasi), milliy va diniy adovatni qo‘zg‘atish (Jinoyat kodeksining 189-moddasi), firibgarlik (JKning 247-moddasi) va davlatga xiyonat qilish (Jinoyat kodeksining 305-moddasi) bo‘yicha ayblanmoqda.
Sharhlar