Toliblar qamoqxonada huquq himoyachisi bo‘lgan afg‘on ayolini zo‘rlashdi

Источник: pexels.com

Toliblar qamoqxonada huquq himoyachisi bo‘lgan afg‘on ayolini zo‘rlab, uni videoga yozib olgan, keyin esa bu yozuv bilan uni shantaj qilishgan. Bu haqda The Guardian yozadi. Videoyozuv tahririyatda bor. Jabrlangan ayolning ismi oshkor etilmagan.

Ehtiyot bo‘ling, quyida matnda zo‘ravonlik tavsifi mavjud.

Jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlagan afg‘onistonlik faol qamoqxonada zo‘rlangan, deydi jurnalistlar. U Tolibon rejimiga qarshi mitingda qatnashgani uchun qamalgan. Videoda uni yechinishga majbur qilishgan, shundan so‘ng ikki erkak uni zo‘rlagan. Bu paytda toliblardan biri unga: “Shuncha yil seni amerikaliklar …, endi navbat bizniki” degan.

Huquq himoyachisi bo‘lgan ayol qamoqxonani tark etgach, mamlakatdan chiqib ketishga  muvaffaq bo‘lgan. The Guardian nashrining yozishicha, u xorijdan toliblarga qarshi kurashni davom ettirgan, shundan so‘ng unga zo‘rlanish aks etgan video yuborilgan. Shuningdek, ayolning so‘zlariga ko‘ra, toliblar huquq himoyachisi Afg‘onistonda ularning hokimiyatiga qarshi chiqishda davom etsa, bu videoni chop etish bilan tahdid qilishgan.

The Guardian  nashrining qayd etishicha, bu video toliblarning afg‘on ayollariga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilganining birinchi dalilidir. Shu bilan birga, jurnalistlarga ko‘ra, mamlakatda zo‘rlash haqidagi xabarlar so‘nggi paytlarda ko‘paymoqda. Bundan tashqari, iyun oyida BMTning Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Saymon Menli ayniqsa mahkuma ayollar jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘lish ehtimoli kattaligini aytadi.

Toliblar Afg‘onistonda hokimiyatni 2021-yil avgustida to‘liq qo‘lga kiritgan. О‘shandan beri ular huquq himoyachilari ta’kidlaganidek, ayollarga qarshi “gender aparteid” siyosatini olib bormoqda. Xususan, afg‘on ayollariga o‘rta maktabga borish, pul evaziga ishlash, ko‘plab jamoat joylariga borish va erkin kiyim tanlash taqiqlangan.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.