“Tolibon” ayollar kafesini yopdi

Foto: daryo.uz

“Tolibon” Hirot shahridagi ayollar kafesining faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda manbalarga tayanib, Hasht-e Subh Daily xabar berdi.

Afg‘oniston muvaqqat hukumatining Hirotdagi shtab-kvartirasi kafe yopilganini tasdiqladi. Manbalarga ko‘ra, “Tolibon” aniq bir sabab ko‘rsatmay, kafeni muhrlab qo‘ygan. O‘zini “Tolibon” deb tanishtirgan guruh agentlari avvalroq kafelarni yopish bilan tahdid qilgan. Ular kafelardagi ayollar hijobga rioya etmasligi, musiqa tinglashda davom etishini da’vo qilgan.

“Tolibon” harakati ayollarga erkaklar bo‘lgan restoran va kafelarga borishni taqiqlaganidan so‘ng, Hirot shahrida ayol tadbirkorlar tomonidan faqat ayollarga xizmat ko‘rsatadigan beshta kafe ochildi. Tadbirkorlar ovqatlanish shoxobchalarining yopilishi 7 ming dollardan 22 ming dollargacha zarar keltirishini aytmoqda. Bundan tashqari, o‘nlab ayollar ishsiz qoladi, ularning aksariyati oilasining yagona boquvchisi hisoblanadi.

Afg‘oniston muvaqqat hukumati sentyabr oyida 114 sahifadan iborat va 35 moddani o‘z ichiga olgan fazilatlar va illatlarga oid yangi qonunlarni e’lon qilgandi. Bu qoidalar ayollarni qo‘shiq aytish va ommaviy o‘qishdan cheklaydi. Shuningdek, ayollar yopiq kiyinishlari va begona erkaklar bilan ko‘z aloqasiga kirishishdan saqlanishlari shart. Kanada, Avstraliya, Germaniya va Niderlandiya ayollar diskriminatsiyasi tufayli Xalqaro sudga “Tolibon” ustidan da’vo arizasi bilan murojaat qilmoqchi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.