AQSH Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasida to‘liq ko‘lamli urush yuzaga kelishidan xavfsiramoqda
AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyatida Isroil va Livanning “Hizbulloh” harakati o‘rtasidagi nizo kuchayib ketishi xavfi tufayli xavotir oshmoqda. Bu haqda Politico amerikalik mansabdorlarga tayanib yozmoqda. Voqealar rivojining ehtimoliy variantlaridan biri sifatida Oq uy to‘liq ko‘lamli mintaqaviy urush yuzaga kelishini ko‘rib chiqmoqda.
Mintaqada sodir bo‘lgan so‘nggi hodisalar — Livanda “Hizbulloh” peyjer va ratsiyalarining portlashi, o‘qqa tutishlar, shialar tashkiloti qo‘mondonining o‘ldirilishi — Oq uyda Isroil harbiy kampaniyasi yangi bosqichining boshlanishi sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Amerikalik mansabdorlar Vashington keskinlik yanada kuchayishi oldini olish uchun Isroil vakillari bilan muzokaralar olib borayotganini aytdi.
Biroq AQSH vaziyat yomonlashishini kutmoqda, deydi Politico manbalari. Isroil masalani diplomatik yo‘l bilan hal qilish va Livan hududidan o‘q yog‘dirilishi tufayli shimoldan siqib chiqarilgan isroilliklarni qaytarish uchun “Hizbulloh”ga bosim o‘tkazmoqchi ekanini tushuntirgan.
Shu bilan birga, Oq uy nizoni tinch yo‘l bilan hal qilish imkoniyati borligini qayd etmoqda. “Isroil va Livan chegarasidagi urush muqarrar emas va biz uning oldini olish uchun bor kuchimizni ishga solishda davom etamiz”, — dedi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashida strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha koordinator Jon Kirbi jurnalistlarga.
Eslatib o‘tamiz, 17-sentabr kuni Livanda “Hizbulloh” a’zolari foydalanayotgan yuzlab peyjerlar yoppasiga portladi. 18-sentabr kuni mamlakatda boshqa elektron uskunalar — noutbuklar, ratsiya va portativ aloqa vositalari portlay boshladi. 30 dan ortiq odam halok bo‘lib, minglab kishilar jabrlandi. “Hizbulloh” hujumda Isroilni aybladi. Livan bilan chegaraga SAXAL diviziyasi joylashtirildi. Keyinroq “Hizbulloh” Isroil shimoli bo‘ylab yoppasiga zarbalar berdi, isroillik harbiylar esa harakat qo‘mondoni Ibrohim Oqil yo‘q qilingani haqida xabar berdi.
Sharhlar