To‘qayev Rossiyadagi teraktdan keyin Xavfsizlik kengashi majlisini o‘tkazadi

Foto: Tengrinews

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Rossiyada “Krokus Siti Xoll” konsert zalida yuz bergan terakt munosabati bilan chora-tadbirlar bo‘yicha Xavfsizlik kengashi a’zolari bilan majlis o‘tkazadi, deb xabar bermoqda Tengrinews.

Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi konstitutsiyaviy organ bo‘lib, u Prezident tomonidan tashkil qilinadi hamda mamlakat milliy xavfsizligi va mudofaa qobiliyatini ta’minlash sohasida yagona davlat siyosati olib borilishini muvofiqlashtiradi. Xavfsizlik kengashi raisi prezidentdir.

Avvalroq To‘qayev Qozog‘iston Moskvada tinch aholiga qarshi sodir etilgan terrorchilik harakatini qat’iy qoralashini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, davlat rahbari topshirig‘i bilan Qozog‘iston huquq-tartibot organlari zaruriyat tug‘ilsa Rossiya huquq-tartibot organlariga yordam ko‘rsatishi aytilgandi.

22-mart kuni kechqurun “Krokus Siti Xoll”da yuz bergan teraktda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 60 dan ortiq odam halok bo‘lib, 140 dan ziyod kishi jabrlangan. “112” Telegram-kanali keltirayotgan norasmiy ma’lumotlar bo‘yicha esa, 82 kishi halok bo‘lgan va 183 kishi jabrlangan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.