Tramp hujjatlarni soxtalashtirishda aybdor deb topildi
Nyu-Yorkda maslahatchilar hay’ati sobiq prezident Donald Trampni pornoaktrisa Stormi Deniyelsga pul to‘laganini bekitish uchun hujjatlarni soxtalashtirish haqidagi ish doirasida 34 ta ayblov bandining barchasi bo‘yicha aybdor deb topdi. Ish bo‘yicha hukmni sudya 11-iyulga belgilangan sud majlisida o‘qib eshittiradi. Tramp to‘rt yilgacha qamoqqa hukm qilinishi mumkin, ammo u aybiga iqror bo‘lmayapti, deb yozadi “Kommersant”.
Maslahatchilar muzokaralari 30-may kuni boshlanib, 11 soat davom etdi. Sobiq prezidentda ayblov qarori ustidan shikoyat berish huquqi bor. Sud jarayonida ishtirok etish unga 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan AQSH prezidenti sayloviga nomzodini qo‘yishga xalal bermaydi. Donald Tramp jinoyat ishi bo‘yicha sudlangan ilk AQSH sobiq prezidentiga aylandi.
“Bu qalbakilashtirilgan, sharmandali jarayon bo‘ldi. Haqiqiy hukmni fuqarolar 5-noyabr kuni chiqaradi. Ular bu yerda nima yuz berganini biladi, buni hamma biladi. Men aybsiz odamman, hammasi joyida. Men mamlakatimiz uchun kurashyapman. Konstitutsiyamiz uchun kurashyapman”, — dedi sobiq prezident suddan chiqishda.
2018-yil yanvarida The Wall Street Journal Tramp 2006-yilda pornoaktrisa Stormi Deniyels bilan aloqada bo‘lib yurgani, 2016-yilgi prezident saylovlaridan avvalroq esa bu haqda og‘iz ochmaslik uchun unga 130 ming dollar to‘lagani haqida xabar bergandi. To‘lovning o‘zi qonunbuzarlik hisoblanmaydi, biroq sobiq prezident sarflangan mablag‘ni sud xarajatlari sifatida rasmiylashtirgan. Prokuratura buni qalbakilashtirish deb baholadi.
Sharhlar