Netanyaxu shu hafta Tramp bilan uchrashishi mumkin
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 23-iyul kuni tashrif bilan AQSHga boradi va u yerda mamlakat prezidenti Jo Bayden bilan uchrashadi. Politico gazetasi o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Netanyaxu Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp bilan ham shaxsiy uchrashuv o‘tkazmoqchi.
Netanyaxu va Trampning jamoalari so‘nggi kunlarda ularning shaxsiy uchrashuvi imkoniyatlarini muhokama qilgan. Aniqlik kiritilishicha, u katta ehtimol bilan, shu hafta Floridada bo‘lib o‘tadi. Shu bilan birga ta’kidlanishicha, Tramp hozircha uchrashuvga rozilik bermagan, ammo uni rad etmagan ham.
Politico yozishicha, agar uchrashuv amalga oshsa, bu Netanyaxuga G‘arbiy qirg‘oqda va G‘azo sektorida olib borilayotgan siyosatda, shuningdek, shimoliy chegarada “Xizbulla”ga qarshi kampaniyada ko‘makka ega bo‘lishda yordam berishi mumkin.
Netanyaxu 22-iyul kuni AQSHga uchib ketgan. 24-iyul kuni u AQSH Kongressining ikkala palatasi qo‘shma majlisida nutq so‘zlashi kutilmoqda.
Sharhlar