Tramp Xarris bilan munozaralarda boshqa qatnashmasligini aytdi
Respublikachilar partiyasidan AQSH prezidentligiga nomzod Donald Tramp o‘z raqibi — demokratlar partiyasi nomzodi va amaldagi vitse-prezident Kamala Xarris bilan munozaralarning ikkinchi raundidan bosh tortishini ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”. Xarris avvalroq Trampni yana bir munozaraga chaqirgan edi.
Birinchi munozaralardan keyin ertasi kuni Tramp NBC yoki Fox News kanalida ikkinchi raundni o‘tkazishga tayyorligini aytgandi. Biroq 12-sentabr kuni u tadbir Xarrisga o‘z pozitsiyalarini yaxshilash uchun imkoniyat bo‘lishini ta’kidlab, o‘z fikridan qaytdi. Respublikachining o‘zi da’vo qilishicha, ilk munozaralar yakunlariga ko‘ra u eng yaxshi natijani ko‘rsatgan.
“Bokschi jangda yutqazganidan keyin aytadigan ilk gapi “Men revansh jangini xohlayman” bo‘ladi. So‘rovlar 10-sentabr kungi munozaralarda Kamala Xarris ustidan g‘alaba qozonganimni yaqqol ko‘rsatmoqda, u esa shu zahoti yangi munozaralar o‘tkazishga chaqirdi… Uchinchi munozaralar bo‘lmaydi”, — deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Kamala Xarris fikricha, saylovchilarga prezident lavozimiga nomzodlarning yana bitta munozarasi zarur. “Ikki kun avval Donald Tramp bilan ilk munozaralarni o‘tkazdik. Biz saylovchilar uchun yana bitta munozara o‘tkazishimiz shart”, — deb yozdi Xarris X ijtimoiy tarmog‘ida.
Tramp o‘zining birinchi munozarasini o‘sha paytda Demokratik partiyadan nomzod bo‘lgan amaldagi prezident Jo Bayden bilan o‘tkazgan edi. Baydenning chiqishi muvaffaqiyatsiz deb topilgach, u 21-iyul kuni prezidentlik poygasidan chiqishini e’lon qildi va o‘z o‘rniga Xarrisning nomzodini taklif etdi.
Tramp va Xarris o‘rtasida 10-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan munozaralarda, ham konservativ, ham liberal kuzatuvchilar fikricha, Xarris g‘alaba qozongan.
Sharhlar