Tramp ustidan sud noma’lum muddatga qoldirildi

Foto: Reuters

AQSHning Florida shtati federal sudyasi Eylin Kennon sobiq prezident Donald Trampning maxfiy hujjatlarga nomuvofiq munosabatda bo‘lgani haqidagi ish bo‘yicha 20-mayga belgilangan sud majlisini bekor qildi, deb yozadi “Kommersant”. Sudda ishni ko‘rish uchun yangi sana hali tanlangani yo‘q.

Kennon qarorni 7-may kuni chiqargan. Uning imzosi qo‘yilgan besh sahifali hujjatda sud sanasini hozir belgilash “nomaqbul” bo‘lishi aytilgan. Ushbu qaror federal prokurorlarning Trampni noyabrdagi prezident saylovlarigacha sudga jalb etish qobiliyatini shubha ostiga qo‘yadi, deya qayd etadi AP.

Sobiq prezident 2022-yilda Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida aniqlangan maxfiy hujjatlarga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lganlikda gumonlanmoqda. Siyosatchiga qarshi yana bir nechta jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda, ular 2021-yil yanvarida uning tarafdorlari tomonidan Kapitoliyga hujum qilinishi, hujjatlarning soxtalashtirilishi hamda uning biznesiga aloqador qonunbuzarliklar haqida. So‘rov natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning 57 foizi Donald Tramp tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklarni og‘ir jinoyat deb hisoblaydi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.