Tomoshabinlarning 67 foizi debatlarda Tramp Bayden ustidan g‘alaba qozondi, degan fikrda

Foto: Reuters

Jo Bayden va Donald Tramp o‘rtasida bo‘lib o‘tgan teledebatlar yakunlariga ko‘ra, tomoshabinlarning 67 foizi respublikachi amaldagi prezidentni yutdi, deb hisobladi. Bu haqda CNN o‘tkazgan so‘rov natijalariga tayanib, “Kommersant” xabar berdi. Bor-yo‘g‘i 33 foiz tomoshabinlar Jo Bayden o‘z raqibidan yaxshiroq gapirdi, degan fikrda.

CNN qayd etishicha, so‘rov natijalari na demografik ko‘rsatkichlar, na siyosiy afzalliklar bo‘yicha barcha saylovchilar fikrini aks ettirmaydi. Shu bilan birga, telekanalning o‘zi ham, uning auditoriyasi ham ko‘proq Demokratik partiya tarafdorlari hisoblanadi.

Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, debatlar o‘tkazilguniga qadar saylovchilar AQSHning amaldagi prezidentidan ko‘ra, Donald Trampdan yaxshiroq natijalar kutayotganini ma’lum qilgandi (55% ga 45%). Shuningdek, CNN qayd etishicha, so‘rov natijalari 2020-yildagidan farq qiladi, o‘shanda kuzatuvchilar Bayden saylovoldi debatlarning har bir bosqichida Trampdan ustun deb hisoblagan edi.

Aniqlik kiritilishicha, so‘rov debatlarni tomosha qilgan 565 nafar ro‘yxatdan o‘tgan saylovchilar orasida matnli xabarlar yordamida o‘tkazilgan.

Tramp va Bayden o‘rtasida saylovoldi poygasi debatlarining birinchi bosqichi 28-iyun kuni ertalab CNN maydonida bo‘lib o‘tdi. Studiyada tomoshabinlar va muxbirlar bo‘lmagan, bu Oq uy Jurnalistlar uyushmasi noroziligiga sabab bo‘lgan. Amerika prezidenti saylovi 5-noyabrda o‘tkaziladi. Debatlarning ikkinchi bosqichi sentabr boshida bo‘lishi mumkin.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.