Tramp va Putin 2021-yildan beri kamida yetti marta telefon orqali gaplashgan
Donald Tramp va Vladimir Putin 2021-yildan beri kamida yetti marta telefon orqali suhbatlashgan. Bu haqda The Washington Post gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Bob Vudvord o‘zining yangi “Urush” (“War”) kitobida Trampning ismi oshkor etilmagan yordamchisiga tayanib yozadi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi suhbat 2024-yilda bo‘lishi mumkin. Kitobda Tramp va Putin nima haqida gaplashgani aytilmagan.
Vudvordning fikricha, sobiq amerikalik prezidentning “AQShning ittifoqchisi bilan urush olib borayotgan avtoritar rahbar” bilan muzokaralari Uotergeyt janjalidan ham yomonroq (o‘shanda Vudvord va nashrning yana bir jurnalisti Karl Bernstayn prezident Richard Nikson tarafdorlari Demokratik partiya idorasiga eshituv qurilmasi o‘rnatmoqchi bo‘lganini aniqlashgan; Uotergeyt janjali oxir-oqibat uning iste’fosiga olib kelgan).
Vudvord shuningdek, Tramp 2020-yilda pandemiya paytida AQShda yetishmayotgan koronavirus testlarini shaxsan Putinga maxfiy ravishda yuborganini yozadi. Donald Tramp idorasi barcha ayblovlarni rad etmoqda.
Sharhlar