Tramp va Xarris kelasi hafta Zelenskiy bilan uchrashmoqchi
Demokratik partiyadan AQSH prezidentligiga nomzod Kamala Xarris kelasi hafta Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Vashingtonga tashrif bilan kelganida, u bilan uchrashishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg o‘z manbasiga tayanib xabar bermoqda. Avvalroq Zelenskiy bilan uchrashuv ehtimoli haqida respublikachilardan nomzod Donald Tramp ham ma’lum qilgandi.
Agentlik suhbatdoshiga ko‘ra, Zelenskiy bilan uchrashuv Xarrisga “o‘z tashqi siyosiy profilini kengaytirish” uchun kerak. Bloomberg xabarida aytilishicha, AQSHga tashrif doirasida Zelenskiy prezident Jo Bayden bilan nizoni tartibga solish bo‘yicha rejasi bilan bo‘lishmoqchi. Ukraina prezidenti, shuningdek, o‘z rejalarini Xarris va Tramp bilan ham bo‘lishishga intiladi, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, AQSHdagi uchrashuvlarda Zelenskiy NATO va Yevroittifoqqa a’zolikni, shuningdek, iqtisodiyot va xavfsizlik sohasidagi bitimlarni qattiq turib talab qilmoqchi. Ukraina prezidenti yanada zamonaviyroq qurol yetkazish masalasini ham muhokama qilmoqchi.
AQSHga tashrif doirasida Zelenskiy BMT Bosh assambleyasi yuqori darajasi haftaligida nutq so‘zlashi, Bayden va Kongressning ikkala partiyadan a’zolari bilan uchrashishi rejalashtirilgan. Bu Zelenskiyning AQSHga 2022-yil fevralidan buyon ikkinchi marta kelishi. Bundan avvalgi tashrif 2022-yil dekabrida amalga oshirilgan.
Sharhlar