Trampga suiqasd: ayblanuvchi sudda hozir bo‘ldi
AQSh prezidentligiga nomzod Donald Trampga suiqasd uyushtirishda gumon qilingan Rayan Rut Florida shtatida sudida hozir bo‘ldi.
Yakshanba kuni Rut Trampning Floridadagi Trump International golf-maydoniga yashirincha kirganidan keyin hibsga olingan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, u optik nishonli AK-47 avtomati bilan qurollangan, shuningdek, ikkita ryukzak va GoPro kamerasi bo‘lgan.
Hodisa vaqtida Tramp golf o‘ynayotganiga qaramasdan, Rut o‘t ochmagan. Xavfsizlik xodimlari gumondorni payqab, unga qarata o‘t ochishgan, biroq o‘qlar unga tegmagan va u qochishga muvaffaq bo‘lgan. Keyinchalik Rut hibsga olingan.
Dushanba kuni unga ilgari sudlanganidan keyin noqonuniy qurol saqlash bo‘yicha rasmiy ayb qo‘yilgan. Amerika qonunchiligiga ko‘ra, bu 15 yilgacha qamoq jazosiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, unga seriya raqami bo‘lmagan qurolni saqlash ayblovi qo‘yilgan, bu jinoyat ko‘pi bilan besh yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Rayan Rut 2002-yildan 2010-yilgacha Shimoliy Karolina shtatining Guilford okrugida bir necha marta sudlangan. 2002-yilda u avtomat saqlaganlikda ayblangan. O‘sha paytdagi xabarlarga ko‘ra, u mashinada politsiyadan qochishga uringan va keyin tom yopish kompaniyasi binosida barrikada qilib o‘zini to‘sgan.
Sharhlar