“Transparency Russia” bosh direktori qidiruvga e’lon qilindi

Фото: DW

“Transperensi Interneshnl – Rossiya” (TI-Rossiya) tashkilotining bosh direktori Ilya Shumanov Rossiyada jinoiy modda bilan qidiruvga berildi. Uning kartasi 24-avgust, shanba kuni Ichki ishlar vazirligining federal qidiruvda bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlar bazasida paydo bo‘lishi “Mediazona” nashri e’tiborini tortdi.

Qidiruvning rasmiy sabablari aytilmagan, biroq Shumanovning o‘zi “Mediazona” nashriga Rossiya qonunchiligiga muvofiq “xorijiy agentlar” tomonidan chop etilgan materiallarga talab qilinadigan maxsus belgilar yo‘qligi sababli unga nisbatan ish ochilganini aytadi. Bu ma’lumotni huquq-tartibot idoralariga tayanib, TASS davlat agentligi ham tasdiqlagan.

“Transperensi Interneshnl – Rossiya” tashkilotining xabar berishicha, Shumanovni qidirish ularning faoliyatiga ta’sir qilmaydi, chunki tashkilot Rossiyada «nomaqbul» deb e’lon qilinganidan keyin allaqachon chet eldan ishlamoqda.

“TI-Rossiya” vakillari Ichki ishlar vazirligining harakatlarini «noqonuniy» deb atadi va adolat qaror topishiga ishonch bildirdi.

Ilya Shumanov “TI-Rossiya”ni 2021-yil boshidan buyon boshqarib kelmoqda. 2022-yil oktyabr oyida Rossiya Adliya vazirligi uni “xorijiy agentlar” reestriga kiritdi va 2023-yil iyul oyida tegishli belgi yo‘qligi uchun 100 ming rubl jarimaga tortildi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.