Turkish Airlines aviakompaniyasi uchuvchisi parvoz vaqtida vafot etdi
Turkish Airlines aviakompaniyasining samolyot komandiri Sietldan Istanbulga uchish paytida vafot etdi. Shu sababli havo kemasi Nyu-Yorkka favqulodda qo‘nishni amalga oshirishga majbur bo‘ldi.
“TC-LGR bort raqamli Airbus 350 samolyotimizning kapitan-uchuvchisi Ilchexin Pexlivan Sietl va Istanbul o‘rtasidagi TK204 reysini bajarayotganda hushidan ketdi, – deb hodisa tafsilotlarini aviakompaniya matbuot kotibi Yah’yo Ustun ma’lum qildi. – Dastlabki tibbiy aralashuv natija bermagach, ekipaj favqulodda qo‘nish qarorini qabul qildi, ammo kapitanimiz qo‘nishdan oldin vafot etdi”.
2007-yildan beri Turkish Airlines’da ishlab kelgan uchuvchi 59 yoshda edi. Ustunning aytishicha, u mart oyida Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi tomonidan vakolat berilgan aviatsiya tibbiyot markazida ko‘rikdan o‘tgan va uning vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qiladigan sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar aniqlanmagan.
“Samolyotimiz Nyu-Yorkka qo‘ndi, yo‘lovchilarning uyga qaytishi Nyu-York aeroporti orqali rejalashtirilmoqda, – dedi aviakompaniya vakili. – Turkish Airlines oilasi sifatida kapitanimizga Allohning rahmatini, barcha hamkasblari va yaqinlariga, ayniqsa, uning motamdagi oilasiga sabr tilaymiz”.
Sharhlar