Turkiya aeroportlarida yo‘lovchilarni tekshiruvdan o‘tkazish qoidalari kuchaytiriladi
Turkiya parlamenti fuqarolik aviatsiyasi to‘g‘risidagi qonunga aeroportlarda yo‘lovchilarni tekshiruvdan o‘tkazishni kuchaytiruvchi tuzatishlar kiritilishini ma’qulladi, deb yozadi “Kommersant”. Endi xavfsizlik xizmati xodimlari terminalga va samolyotga chiqish zonasiga kirishda yo‘lovchilarning buyumlarini tekshirishi mumkin bo‘ladi.
Tekshiruvdan o‘tkazish qoidalari shaxsiy yukka ham, elektron qurilmalarga ham taalluqli. Agar yo‘lovchi o‘z buyumlarini tekshiruv uchun taqdim etishdan bosh tortsa, xodimlar uni aeroportga yoki uchib ketish zonasiga kiritmaslik huquqiga ega. Olib o‘tish taqiqlangan buyumlar o‘sha joyning o‘zida musodara qilinadi. Shuningdek, parlament tomonidan ma’qullangan tuzatishlar yana shuni ko‘zda tutadiki, agar samolyot ekipaji parvoz chog‘ida bortda yuz bergan qonun buzilish holatlari haqida hukumatga xabar bermasa, 620 dollardan 15,6 ming dollargacha miqdordagi jarimalar qo‘llanilishi mumkin.
Bunday tuzatishlar tayyorlanayotgani haqida Turkiya transport vaziri Abdulqodir Uralo‘g‘li maydayoq ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aviatsiya xavfsizligi xodimlari yuklarni huquq-tartibot organlari nazorati ostida tekshiradi. Turkiyaning asosiy aeroportlarida (Antaliya, Izmir, Bodrumda) ikkita tekshiruv punkti mavjud: birinchisi umumiy foydalanish zonasiga kirishda, ikkinchisi esa hujjatlar tekshirilganidan keyin.
Sharhlar