Turkiyaning bir nechta hududlarini o‘rmon yong‘inlari qamrab oldi
Turkiyaning Chanoqqal’a va Izmir viloyatlarini o‘rmon yong‘inlari qamrab oldi, deb yozadi “RBK”. Izmirdan alanga qo‘shni Oydin viloyatiga o‘tdi, shuningdek, mamlakatning boshqa hududlarida ham o‘rmonlar yonmoqda.
Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Izmirning o‘zida 29-iyun kunining birinchi yarmida o‘rmon yong‘inlarining 16 ta o‘chog‘i qayd etilgan. O‘t o‘chirish ishlariga aviatsiya, suv tashuvchi mashinalar va buldozerlar jalb qilingan, mingga yaqin odam ishlamoqda.
Bayroqlidada tumanida alanga shamol ta’sirida tarqalib ketishi xavfi tufayli uylar va ikkita mehmonxona evakuatsiya qilindi. Dam oluvchilar yaqin oradagi boshqa mehmonxonalarga joylashtirildi.
Selchuk tumani meri Filiz Cherito‘g‘li Sengel ma’lum qilishicha, hukumatda alanga yuzaga kelib chiqishi sabablari haqida axborot yo‘q. Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Ibrohim Yumakli qayd etishicha, Menderesdagi yong‘in bog‘lardan birida boshlangan, aybdorlar hibsga olingan.
Viloyatdagi eng yirik yong‘inlardan biri dengiz bo‘yida joylashgan Pamujak qishlog‘ida yuzaga kelgan, alanga u yerdan qo‘shni Oydin viloyatidagi Kushadasi kurorti yaqinidagi o‘rmon massiviga o‘tib ketgan. Chanoqqal’a viloyatida Ezine tumanidagi qishloq xo‘jalik yerlarini qamrab olgan, qutqaruvchilar bir nechta qishloqlarni evakuatsiya qilgan. Shuningdek, Bursa, Edirne, Balikesir, Karaman va Qahramonmarash viloyatlarida ham o‘rmonlar yonmoqda.
Sharhlar