Dog‘istonda yuz bergan teraktdan keyin uch kunlik motam e’lon qilindi
Rossiya tarkibidagi Dog‘iston Respublikasi rahbari Sergey Melikov 23-iyun kuni yuz bergan teraktda halok bo‘lganlar xotirasiga uch kunlik motam e’lon qildi, deb yozadi “Kommersant”.
24-iyundan 26-iyunga qadar davom etadigan motam chog‘ida respublikada davlat bayroqlari tushiriladi. Madaniyat muassasalari va teleradiokompaniyalar ko‘ngilochar tadbirlar va ko‘rsatuvlarni bekor qiladi.
Dog‘iston hukumatiga jabrlanganlarga va halok bo‘lganlarning oilalariga ko‘mak ko‘rsatish topshirildi.
23-iyun kuni kechqurun Darbanddagi sinagoga va cherkovga, Maxachqal’adagi YPX posti, cherkov va sinagogaga, shuningdek, Sergokala qishlog‘i markazidagi avtomobilga hujum uyushtirildi. Hujumlar chog‘ida 15 dan ortiq politsiyachilar va bir nechta tinch fuqarolar halok bo‘ldi. O‘ldirilganlar orasida Dog‘iston politsiyasi bo‘lim boshlig‘i Mavluddin Xidirnabiyev va Darbanddagi cherkov rohibi bor. Olti nafar jangari yo‘q qilindi. Ularning uch nafari respublikadagi Sergokala tumani rahbarining o‘g‘illari va jiyanidir. Mansabdor qo‘lga olindi. Terakt to‘g‘risida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Sharhlar