Zelenskiy Vashingtonda Bayden va Xarris bilan uchrashdi
AQSH va Ukraina prezidentlari Jo Bayden va Vladimir Zelenskiy Oq uyda uchrashuv o‘tkazdi, deb yozadi Meduza.
Matbuot uchun bayonotda Amerika yetakchisi Kiyevga 2,4 milliard dollarlik yangi yordam paketi ajratilishi haqida e’lon qildi. Ushbu paket qo‘shimcha havo hujumiga qarshi mudofaa vositalari, o‘zi uchar qurilmalar va “havo-yer” sinfidagi o‘q-dorilarni o‘z ichiga oladi.
Zelenskiy Baydenga Ukrainaning Rossiyaga qarshi urushdagi “g‘alaba rejasi”ni taqdim etganini ma’lum qildi. “Rejani kuchaytirish tafsilotlarini muhokama qildik, o‘z pozitsiyalarimizni, qarashlarimiz va yondashuvlarimizni muvofiqlashtirdik. Jamoalarimizga keyingi qadamlar bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazishni topshirdik”, — dedi u muzokaralardan so‘ng.
Bayden bilan muzokaralardan keyin Zelenskiy Oq uyda AQSH vitse-prezidenti Kamala Xarris bilan uchrashdi. Demokratik partiyadan AQSH prezidentligiga da’vogarlik qilayotgan Xarris Ukrainani qo‘llab-quvvatlash yo‘lidan og‘ishmasligini aytdi. Vitse-prezident, shuningdek, ba’zi amerikaliklarning Ukraina Rossiyaga o‘z hududlarini berishi kerak, degan fikrlarini rad etdi.
Sharhlar