Ukraina dronlari Kavkaz portidagi paromga hujum qildi, bir kishi halok bo’ldi
Krasnodar o‘lkasidagi Kavkaz portida Ukraina dronlari parom kemasiga hujum qilib, yong‘inga sabab bo‘ldi.
Hujum natijasida ekipaj a’zolari va port xodimlari jarohatlangan, bir kishi halok bo‘lgan. Bu haqda viloyat gubernatori Veniamin Kondratyev ma’lum qildi. Kuban operativ xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, besh kishi jarohatlangan.
Voqea joyida mutaxassislar zarba oqibatlarini bartaraf etish bilan shug‘ullanmoqda. Gubernator yong‘in mahalliy ekanligini va yong‘in tarqalishi xavfi yo‘qligini ta’kidladi.
Taman yarim orolidagi Kerch bo’g’ozining shimoli-sharqiy qismida joylashgan Kavkaz porti Rossiyadagi eng yirik yo’lovchi portlaridan biridir. Uning maydoni 46,5 gektar, yuk terminallarining o’tkazuvchanligi yiliga 27,5 million tonnani tashkil etadi. 2023-yilda portning yuk aylanmasi 28,1 foizga oshib, 21,4 million tonnani tashkil etdi.
Bir kun avval Krasnodar o‘lkasi ham Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan hujumga uchragan: Tuapsedagi “Rosneft” neftni qayta ishlash zavodiga uchuvchisiz uchoqlar urilgan, natijada yong‘in kelib chiqqan va ob’ekt infratuzilmasi shikastlangan. Zavod mamlakatdagi eng yirik o’nta zavoddan biri bo’lib, Rossiyaning Qora dengiz sohilidagi yagona neftni qayta ishlash zavodidir.
Sharhlar