Tramp Ukraina Rossiya bilan nizoda mag‘lub bo‘layotganini aytdi
AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp fikricha, Rossiya “butun Ukrainani bosib olishi mumkin”. Bu haqda u prezident Jo Bayden bilan saylovoldi munozaralar chog‘ida aytib o‘tdi. Tramp Kiyev harbiy nizoda g‘alaba qozonmayotganiga ishonchi komil.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina ko‘p askar va tinch fuqarolaridan ayrilgan, shuningdek, “oltin gumbazli ming yillik muhtasham shaharlari”dan ham mahrum bo‘lgan. “U (Jo Bayden) bizni Ukraina va Rossiyaga nisbatan yomon vaziyatga qo‘ydi, chunki Ukraina bu urushda g‘olib bo‘lmayapti”, — dedi Amerika sobiq prezidenti.
Donald Tramp agar hokimiyat tepasida o‘zi qolganida Ukrainadagi nizoni 24 soat ichida tartibga sola olgan bo‘lishini ko‘p marta ta’kidlagan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bunga shubha qiladi. Bloomberg agentligi Tramp bu yil saylovda g‘olib chiqqan taqdirda, Kiyevni Moskva bilan muzokaralarga majburlashi haqida yozgandi. AQSHda prezident saylovi 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Sharhlar