Shols Ukraina yaqin 30 yil ichida NATOga qo‘shilmasligini aytdi
Germaniya kansleri Olaf Shols fikricha, Ukraina yaqin kelajakda NATOga a’zo bo‘lmasligi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu haqda u ikki yarim yil avval ham aytib o‘tgan, o‘shandayoq bu “hammaga kunday ravshan bo‘lgan”, deb yozadi “Kommersant”.
“Bu orada, o‘sha vaqtda urush uchun aytilgan sabablardan biri Ukrainaning go‘yoki NATOga qo‘shilayotgani bo‘lgandi. Siz (NATO sammitlari) qarorini bilasiz — yaqin orada bunaqa bo‘lishi kutilmayapti. Katta ehtimol bilan, yaqin 30 yil ichida ham”, — dedi Shols Berlinda fuqarolar bilan uchrashuvda.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 2022-yil sentabrida NATOga qo‘shilish uchun ariza bergan edi. 2023-yil iyulida alyans sammiti yakunlari bo‘yicha, G7 mamlakatlari Kiyev xavfsizligi kafolatlari to‘g‘risida deklaratsiya imzoladi, shuningdek, Ukraina—NATO kengashi tuzilganini e’lon qildi. Avvalroq AQSH va Germaniya hukumatlari Ukrainani NATOga taklif qilishni keyinga qoldirmoqchi ekani ma’lum qilingandi.
Sharhlar