Ukraina Qrimdan don olib chiqayotgan yuk kemasini ushladi

Фото: DW

Ukraina hukumati Odessa oblastining Reni porti akvatoriyasida maxsus xizmatlar ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaning anneksiya qilingan hududlaridan o‘g‘irlagan donni Kamerun bayrog‘i ostida olib ketayotgan kemani hibsga oldi. Bu haqda 11-iyul kuni Ukraina Bosh prokuraturasi va Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) xabar berdi.

Ukraina Bosh prokurorining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil noyabr oyida Kamerun bayrog‘i ostida suzayotgan USKO MFU kemasi Ukraina qonunchiligi va xalqaro dengiz qonunchiligini buzgan holda, Sevastopoldagi yopiq portga kirib, chiqib ketgan. Portda kema turk kompaniyasi uchun mo‘ljallangan uch ming tonnadan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yuklagan.

Ozarbayjon fuqarosi bo‘lgan kema kapitani GPS-trekerni o‘chirib, yo‘nalishlar va to‘xtashlar jurnaliga yolg‘on ma’lumotlarni kiritish orqali kema qaerda ekanligini bir necha bor yashirgan, deya xabar beradi UXX. 2024-yil may oyining oxirida kema yana Sevastopol portiga kirgan va GPS-trekerni o‘chirgan va u yerda Turkiyadan olib kelingan yukni tushirgan.

2-iyul kuni portni tark etib, kema Moldova portlaridan biriga yo‘l olgan. Kema Reni porti suvlari orqali o‘tayotganida sud qarori bilan hibsga olindi, deya xabar beradi Bosh prokuratura.

Kema kapitani Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududiga kirish va chiqish tartibini buzgani uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin (Ukraina Jinoyat kodeksining 332-1-moddasi 2-qismi).

Kema ekipaji 12 nafar xorijiy fuqarodan iborat. 2014-yil 15-iyulda Ukraina Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim va Sevastopol hududidagi barcha portlar faoliyatini rasman to‘xtatgandi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.