Ukraina Tashqi ishlar vazirligi asirlarning taxminiy qotilligi aks etgan kadrlar e’lon qilinganidan keyin harbiy jinoyat haqida bildirdi

Фото: МИД Украины

Ukraina Tashqi ishlar vazirligining matbuot kotibi Georgiy Tixiy ukrainalik harbiy asirlarning o‘ldirilishi aks etgan videoyozuv e’lon qilinganidan keyin xalqaro hamjamiyatni Rossiyani keskin qoralashga chaqirdi.

“CNN tomonidan e’lon qilingan rus qo‘shinlarining taslim bo‘lgan ukrainalik askarlarni sovuqqonlik bilan o‘ldirgani aks etgan dahshatli kadrlar bizni hayratda qoldirdi, bu harbiy jinoyat Rossiyaning xalqaro gumanitar qonunlarni muntazam ravishda buzishining bir qismi hisoblanadi”, – deydi Tixiy X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida.

“Biz barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlarni Rossiya tomonidan muntazam ravishda ukrainalik harbiy asirlarni o‘ldirish va qiynoqlarga solishni keskin qoralashga chaqiramiz”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

CNN telekompaniyasi juma kuni rossiyalik harbiylar taslim bo‘lgan uch nafar ukrainalik askarni o‘ldirgan videoni e’lon qildi. Qotillik avgust oyida Rossiya armiyasi olg‘a siljayotgan Donetsk oblastining Pokrovsk shahri yaqinida sodir bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Rossiya tomoni ukrainalik asirlarning o‘ldirilishi haqidagi iddaolarga hozircha izoh bermadi. Bi-Bi-Si bu ma’lumotni tasdiqlay olmaydi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.