Ukraina TIV Chulpan Xamatovaning Venetsiya kinofestivalida qatnashishiga qarshi chiqdi

Фото: lenta.ru

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi X ijtimoiy tarmog‘ida rossiyalik aktrisa Chulpan Xamatovaning Venetsiya kinofestivali dasturiga kiritilishiga norozilik bildirgan postni e’lon qildi.

Xabarda aytilishicha, Xamatova Rossiyani tark etib, urushni qoralasa-da, uning Putin bilan avvalgi aloqalari shubha tug‘diradi.

“Avval Putinni qo‘llab-quvvatlagan Chulpan Xamatova Venetsiya kinofestivalida taqdim etiladigan “Sokin hayot” filmida rol o‘ynagan. Rossiyadan ketganiga qaramay, uning Putin bilan sobiq aloqalari savollar tug‘dirmoqda. Putinning hokimiyatga kelishiga yordam berganlar ukrainaliklarni o‘ldirish davom etayotgan bir paytda qizil gilamlarda ko‘rinmasligi kerak”, — deyiladi Ukraina TIV xabarida.

Xamatova 2012-yilda Putinning saylovoldi videolarida rol o‘ynagani va uning qo‘lidan mukofotlar olgani haqidagi video xabarga ilova qilingan. Biroq, Venetsiya kinofestivali dasturiga uning  ishtirok dagi film kiritilgan.

“Ufqlar” seksiyasida bosh rolda Xamatova qatnashgan “Sokin hayot” filmi namoyish etiladi. Rejissyor Aleksandros Avranas filmda Shvetsiyaga ko‘chib o‘tgan, lekin boshpana berilishi rad etilgna rossiyalik oila haqida hikoya qiladi.

Rossiyada armiyani tanqid qilgani uchun sirtdan sudlangan yozuvchi Dmitriy Gluxovskiy Xamatovani qo‘llab-quvvatlab, postga izoh berdi.

“U urushga norozilik bildirish uchun hamma narsasini qurbon qildi va Rossiya propagandasining nishoniga aylandi. U sizning dushmaningiz emas, – deb yozadi Gluxovskiy.

2022-yil 25-fevralda urushni qoralab, o‘sha yilning mart oyida Rossiyani tark etgan Xamatova 2012 yilda Putinning saylovoldi kampaniyasida ishtirok etishini kasal bolalarga yordam berish istagi bilan izohlagan. 2019-yilda aktrisa Ukrainada urush boshlanganini bilganida, Putinni qo‘llab-quvvatlamasligini tan olgan.

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.