G7 yetakchilari Rossiya aktivlari hisobidan Ukrainaga 50 mlrd dollar ajratishga kelishib oldi
G7 mamlakatlari (Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Fransiya, Yaponiya va AQSH) yetakchilari Ukrainaga kredit sifatida 50 milliard dollar ajratishga kelishib oldi, u Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushadigan foyda hisobidan so‘ndiriladi. Bu haqda AFP va Bloomberg Yelisey saroyidagi manbasiga tayanib yozmoqda.
Bitim tafsilotlari 13—14-iyunga belgilangan G7 yetakchilari sammitidan keyin muhokama qilinadi. Shu sababli yakuniy kelishuvlarga biroz vaqtdan keyingina erishiladi.
Ukrainaga Rossiya aktivlaridan tushadigan daromadni garovga qo‘ygan holda 50 milliard dollar ajratishni AQSH taklif qilgan. 2022-yil 24-fevraldan keyin Yevroittifoq, Kanada, AQSH va Yaponiya Rossiyaning qariyb 300 milliard dollarlik aktivlarini muzlatib qo‘ygandi. Ushbu aktivlar yiliga 3—5 milliard dollar foyda keltirishi mumkin.
Sharhlar