Ukrainaning urushdagi talafoti: AQSH hisob-kitoblari Zelenskiy keltirgan raqamlardan keskin farq qiladi
Rossiyaga qarshi urushda Ukraina armiyasi talafotlari bo‘yicha prezident Vladimir Zelenskiy keltirib o‘tgan raqamlar AQSH rasmiy shaxslari hisob-kitoblaridan keskin farq qiladi, deb xabar bermoqda UNIAN.
NYT yozishicha, Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina 31 ming harbiysini yo‘qotgan. Ammo AQSH o‘tgan yozdayoq bu ko‘rsatkichni ancha yuqori baholagandi. Xususan, Vashington ma’lumotlari bo‘yicha, o‘sha vaqtda 70 ming ukrainalik o‘ldirilgan va 100—120 ming kishi yaralangan.
Ayni vaqtda rossiyalik harbiylar orasidagi talafot, rasmiy shaxslarga ko‘ra, taxminan ikki marta ko‘proq bo‘lgan.
Rossiya tomoni Ukraina yo‘qotgan harbiy xizmatchilar sonini doimiy ravishda e’lon qilib boradi. Xususan, o‘tgan yil oxirigacha, Rossiya Mudofaa vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukrainaning 383 ming harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan, 2024-yil yanvarida esa 23 ming nafar askar halok bo‘lgan yoki yaralangan..
Ukraina talafotlari haqidagi ma’lumotlar chet el nashrlari tomonidan ham manbalarga tayanib e’lon qilib boriladi. The Economist UQKning kamida 70 ming askari halok bo‘lib, 120 mingi yaralanganini, The New York Times esa 150 mingdan ortiq harbiy xizmatchi o‘lgan yoki yaralanganini ma’lum qilgandi.
Nashr eslatishicha, Rossiya Mudofaa vazirligi RF armiyasi talafoti haqida so‘nggi marta 2022-yil sentabrida ma’lum qilgan, o‘shanda harbiy operatsiya boshidan buyon 5937 kishi halok bo‘lgani aytilgandi.
Sharhlar