Tramp Putin bilan “chiqishib ketishi”ga umid bildirdi

Foto: EPA

Respublikachilar partiyasidan AQSH prezidentligiga nomzod Donald Tramp saylovda g‘olib chiqqan taqdirda, Vladimir Putin bilan yana “chiqishib ketish”ga umid qilayotganini aytdi, deb yozadi “Kommersant”. Uning fikricha, Rossiya prezidenti “yaxshi muzokarachi” hisoblanadi.

Amerikalik biznesmen Ilon Maskka bergan intervyusida Tramp o‘z prezidentligi davrida Putin bilan munosabatlari yaxshi bo‘lganini ta’kidladi. “Men Putinni juda yaxshi bilaman. Men u bilan juda yaxshi kelishardim, u meni hurmat qilardi. Umid qilamanki, u bilan yana chiqishib ketamiz. Bilasizmi, u bilan murosaga kelish yomon emas, yaxshi bo‘lardi”, — dedi u.

Trampning fikricha, Rossiya prezidenti “yaxshi muzokarachi” hisoblanadi, Amerika prezidenti Jo Baydenning “IQ darajasi esa past”. Bayden Ukrainaning NATOga qo‘shilish ehtimolini ko‘targanida, “ahmoqlik qilgan”, dedi u.

Tramp 2017—2021-yillarda prezident lavozimini egallagan. U o‘sha paytda Putin bilan aloqalari yaxshi bo‘lgani haqida ko‘p marta aytib o‘tgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.