Germaniya hukumati Rossiya bilan urush ehtimoli yuzasidan reja ishlab chiqdi — Bild
Germaniya hukumati Rossiya bilan urush ehtimoli yuzasidan harbiy reja tayyorlab qo‘ydi. Bu haqda Bild ushbu hujjatga tayanib xabar berdi. Uning nizomlari orasida NATO qo‘shinlarining mamlakat sharqiy qanotiga joylashtirilishi, yerto‘la va metro bekatlarini bombapanohlarga aylantirish, shuningdek, ishlab chiqarishlarni mudofaa ehtiyojlari uchun qayta yo‘naltirish bor. Bundan tashqari, Germaniyada majburiy harbiy xizmatga qaytish ham rejalashtirilmoqda.
Maqolada qayd etilishicha, yerto‘la inshootlari, yerosti avtoturargohlar va metro bekatlari bombapanohlarga aylantiriladi. Shuningdek, mamlakatning bir nechta hududlaridan aholini zudlik bilan evakuatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, tibbiy muassasalar “uzoq davr mobaynida to‘satdan ko‘p sonli bemorlar oqimiga” tayyor bo‘lishi kerak.
Rossiya bilan urush yuz bergan taqdirda, Germaniyada majburiy harbiy xizmat qayta tiklanishi mumkin, ya’ni fuqarolar istalgan vaqtda armiyaga chaqirilishi mumkin. Bandlik xizmati esa voyaga yetgan fuqarolarga muayyan sohalarda, masalan, bemorlarni parvarish qilish sohasida, pochtada yoki novvoyxonalarda ishlash majburiyatini yuklashi mumkin.
5-iyun kuni Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius 2029-yilga qadar mamlakat ehtimoliy urushga to‘liq shaylik holatida bo‘lishi kerakligini aytgandi.
Sharhlar