Kiyev Xitoy va Fransiyaning bosimi tufayli “urush homiylari” ro‘yxatidan voz kechgan — Reuters
Ukraina hukumati Xitoy va Fransiya tomonidan bo‘lgan bosim tufayli “urushning xalqaro homiylari” ro‘yxatini yurgizishdan bosh tortgan, deb xabar beradi Reuters o‘z manbalariga tayanib. Ularning aytishicha, bugun, 22-mart kuniyoq Kiyev ushbu ro‘yxat e’lon qilingan saytni yopishi mumkin.
Agentlik suhbatdoshlaridan biri da’vo qilishicha, Avstriya va Vengriya ham bu masalada Ukrainaga bosim o‘tkazgan. Boshqa manba aniqlik kiritishicha, tilga olingan mamlakatlarning barchasi Kiyevni qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa-da, o‘z kompaniyalari ro‘yxatga kiritilganidan norozi bo‘lgan. Reuters fikricha, Ukrainaning ro‘yxatni yurgizishdan voz kechishi u “harbiy sa’y-harakatlarni saqlab turish” bilan bog‘liq qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani tufayli o‘z pozitsiyasini yumshatishga to‘g‘ri kelayotganidan darak berishi mumkin.
Ukraina hukumati 20-mart kuni “urushning xalqaro homiylari” ro‘yxatini yopish qarori haqida e’lon qildi. Bunday qarorga chet el elchilarining shikoyatlari sabab bo‘lgan, ular ro‘yxat uchun normativ baza yo‘qligini ta’kidlagan. Ro‘yxat Korrupsiyaning oldini olish masalalari bo‘yicha milliy agentlik rahbarligidagi “Urush va sanksiyalar” loyihasi saytida e’lon qilinadi. Hukumat agentlikka saytni tahrirlash majburiyatini yukladi, ro‘yxatdagi barcha ma’lumotlar esa Ukraina sanksiyaviy siyosatini amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruhga beriladi.
“Urushning xalqaro homiylari” ro‘yxati Rossiya bilan savdoni davom ettirib, uning bozorini tark etmayotgan kompaniya va jismoniy shaxslardan iboratdir. Unga kiritilish hech qanday yuridik oqibatlarni keltirib chiqarmagan. 2024-yil mart holatiga, ro‘yxatga 150 dan ortiq jismoniy shaxs va 40 dan ziyod kompaniyalar kiritilgan.
Sharhlar