Olimlar koronavirus Uxandagi bozordan tarqalganini aniqladi
Koronavirus Xitoyning Uxan shahridagi Xuanan bozoridan tarqalishni boshlagan, deyiladi xalqaro tadqiqotda. U AQSH va Buyuk Britaniya kabi mamlakatlardan 23 nafar olim tomonidan tayyorlanib, Cell jurnalida chop etildi.
Maqolada aytilishicha, COVID-19 bilan kasallangan ilk bemorlar Xuanan dengiz mahsulotlari ulgurji bozorida ishlagan yoki u yerga borgan. Bozorning virus tarqalishi bilan aloqadorligi ilk marta butun shahar bo‘ylab turli kasalxonalar shifokorlari tomonidan aniqlangan. 2019-yil dekabrida keltirilgan 174 nafar bemorning 32 foizi “ushbu joy bilan muayyan aloqaga ega bo‘lgan”. Bundan tashqari, pnevmoniyadan o‘ta ko‘p o‘lim darajasi birinchi marta shaharning ushbu bozor atrofidagi hududlarida qayd etilgan.
Olimlar koronavirus tarqalishining ikkita ehtimoliy variantini aniqladi: qaysidir jonivordan (aynan qanday turdagi ekani aniqlanmadi) odamga o‘tgan yoki uni bozorga odamlarning o‘zlari olib kelgan. “Biz Xuanan bozorida SARS-CoV-2 ning qarindoshi bo‘lgan sarbekovirusni olib yuruvchi ikkita taniqli jonivor — ko‘rshapalak va pangolinlarning qandaydir genetik materiali borligi haqida hech qanday dalillarni topmadik”, — deyiladi tadqiqot natijasida.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) koronavirus kelib chiqishining ehtimoli eng katta versiya sifatida uning ko‘rshapalakdan oraliq hayvon orqali yuqtirilganini aytgandi. JSST, shuningdek, virus laboratoriyadan tarqalganini rad etgandi.
Sharhlar