Zelenskiy: Si Szinpin Rossiyaga qurol yetkazmaslikka va’da bergan
Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga Rossiyaga “birorta ham qurol-yarog‘” sotmaslikka va’da bergan. Bu haqda Zelenskiy AQSH prezidenti Jo Bayden bilan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”.
“Men Xitoy yetakchisi bilan telefon orqali suhbatlashgan edim. U menga Rossiyaga birorta ham qurol-yarog‘ sotmasligini aytdi… Agar u hurmatga loyiq inson bo‘lsa, u bunday qilmaydi, so‘z bergan”, — dedi Ukraina prezidenti.
Zelenskiy va Si 2023-yil aprelida telefon orqali suhbatlashgan edi. Suhbatdan keyin Xitoy tomoni Si Szinpin Ukrainadagi nizoni diplomatik yo‘l bilan tartibga solishga chaqirgani haqida ma’lum qilgandi.
2023-yil fevralida AQSH Davlat departamenti Xitoyni Rossiyaga o‘limga olib kelmaydigan harbiy yordam yetkazishda ayblagandi. Vashington Pekin Moskvaga qurol yetkazib berish imkoniyatini o‘rganib chiqayotganini da’vo qilgandi. Vladimir Zelenskiy esa bu borada dalillar yo‘qligini aytgandi. The Washington Post ma’lumotlariga ko‘ra, Si Rossiyaga qurol yetkazishga tayyor bo‘lgan, ammo Jo Baydenning qo‘ng‘irog‘idan keyin fikrini o‘zgartirgan.
Sharhlar