“Vagner” XHKning yollanma jangchisi Lipetskda 4 yoshli o‘gay qizini o‘ldirdi
Lipetsk oblasti sudi Ukrainadagi urush qatnashchisini to‘rt yoshli o‘gay qizini o‘ldirganlikda ayblab, 14 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qildi. Bu haqda “Travmpunkt” inson huquqlari loyihasi xabar beradi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil oktyabr oyida Ukrainadagi urushdan qaytgan mast holatda bo‘lgan urush qatnashchisi turmush o‘rtog‘i bilan janjallashib, qizini kaltaklagan – u uning ko‘kragi va qorniga tepgan, so‘ngra boshi va tanasiga yetti marta tepib, musht tushirgan.
Qizning onasi aytganidek, u tez yordam chaqirish uchun uydan chiqmoqchi bo‘lgan, biroq erkak bunga ruxsat bermagan.
“U o‘ldi, sen ham o‘lasan“, – degan u.
Shifokorlar bolaga ko‘plab jarohatlar, ichki qon ketish, shuningdek, o‘ng o‘pka, jigar va oshqozon devori yorilishi tashxisini qo‘yishgan. Qizcha olgan jarohatlaridan voqea joyida vafot etgan.
Mahalliy Gorod48 nashrining yozishicha, ayblanuvchi “Vagner” XHKning 32 yoshli yollanma askari Vladimir Vlasov. U ikki marta uylangan, birinchi turmushidan uchta farzandi bor. Marhum qizchaning onasidan ham ikki qizi bor edi. O’ldirilgan o‘gay qizi ayolning birinchi turmushidan. Uning o‘limi paytida qizning otasi ham frontda bo‘lgan, uni koloniyadan yollashgan.
Vlasov o‘z aybini qisman tan oldi – u buyumni tepmoqchi bo‘lganini aytgan, lekin uning o‘gay qizi “tasodifan qo‘l ostiga tushib qolgan”. Ayblanuvchi ham, marhumning onasi ham erkakda kontuziya borligini va spirtli ichimliklarga ruju qo‘yganini qayd etadi.
Gorod48 nashrining yozishicha, Vlasov aybini “qoni bilan yuvishni” xohlayapti, u Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzish uchun sudga iltimosnoma bergan. Marhumaning onasi hukm e’lon qilinganidan keyin erkak urushga ketsa, u yerda uzoq yashamasligiga umid qilishini aytgan.
Sharhlar