Ukrainada 365 ta o‘quv muassasasi butunlay vayron bo‘lgan
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi oqibatida shu paytga qadar 3798 ta o‘quv muassasasi otishmalar va bombardimonlar tufayli zarar ko‘rgan bo‘lib, shularning 365 tasi butunlay vayron bo‘lgan. Bu haqda Ukrainada o‘quv yilining birinchi kuni (2-sentabr) Oliy radaning inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitriy Lubinets o‘z Telegram-kanalida ma’lum qildi, deb yozadi DW.
U Rossiya “u yerda bolalar borligini bilib turgan bo‘lsa ham, o‘quv muassasalari — bolalar bog‘chalari, maktablar, universitetlarni ataylab nishonga olayotgani”ni ta’kidladi. Ukraina ombudsmani butun dunyoda o‘quvchilar ta’lim olayotgan bir paytda ukrainalik bolalar boshpanalarda va masofadan turib o‘qishga majbur bo‘layotganini qayd etdi.
“Dunyo yana qachongacha bunga ko‘z yumadi?! Rossiyaning jinoiy terrori yana qancha vaqt bolalarning ta’lim olish huquqini poymol qiladi?! Biz dushmanni to‘xtatishimiz kerak!” — deya Lubinets G‘arb mamlakatlari hukumatlariga da’vat qildi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, o‘z navbatida, o‘quvchilar va pedagoglarni “urushga qaramasdan, barcha qiyinchiliklarga qaramasdan” boshlanayotgan yangi o‘quv yili bilan tabrikladi. “Barcha maktablarimizning, barcha oliy ta’lim muassasalarimizning bugungi kunda ishlab turgani — xalqimizning irodasi va Ukrainaning kuchidan darak beradi”, — dedi u.
Sharhlar