Jey Di Vens Tramp bilan birgalikda vitse-prezident lavozimiga nomzodini qo‘yishga rozi bo‘ldi
Ogayo shtatidan senator Jey Di Vens davlat prezidentlikka nomzod Donald Tramp bilan birgalikda Respublikachilar partiyasidan AQSH vitse-prezidenti lavozimiga o‘z nomzodini qo‘yishga roziligini rasman e’lon qildi, deb yozadi “Kommersant”. Uning ta’kidlashicha, g‘alabaga erishgan taqdirda, respublikachilar “so‘z erkinligi va ochiq g‘oyalar almashinuvi”ni qo‘llab-quvvatlaydi.
“Amerika Qo‘shma Shtatlari vitse-prezidenti lavozimiga nomzod bo‘lish taklifini mamnuniyat va minnatdorlik tuyg‘usi bilan rasman qabul qilishimni bildiraman”, — dedi Vens Miluokida Respublikachilar partiyasi qurultoyida nutq so‘zlayotib.
Eslatib o‘tamiz, 15-iyul, Respublikachilar partiyasi qurultoyining birinchi kuni delegatlarning ko‘pchilik ovozi bilan Tramp AQSH prezidentligiga nomzod sifatida ilgari surilgan edi. U vitse-prezidentlikka nomzod sifatida senator Jey Di Vensni tanlaganini e’lon qildi.
Jey Di Vens 39 yoshda. 2023-yil yanvaridan u AQSH Kongressida Respublikachilar partiyasining Ogayo shtatidan senatori lavozimini egallab keladi. 2016-yilgi saylovlardan avval u Trampni tanqid qilgan, biroq 2018-yilda o‘z pozitsiyasini o‘zgartirgan va 2020-yilgi saylovda uni qo‘llab-quvvatlagan edi.
Sharhlar