Rossiya BMT Xavfsizlik kengashida koinotga yadro qurolini joylashtirmaslik haqidagi rezolyutsiyaga veto qo‘ydi
BMT Xavfsizlik kengashidagi ovoz berish chog‘ida Rossiya AQSH va Yaponiya tomonidan tayyorlangan koinotga yadro qurolini joylashtirmaslik haqidagi rezolyutsiya loyihasiga veto qo‘ydi, deb yozadi “Kommersant”. Hujjatni yoqlab 15 ta davlatdan 13 tasi ovoz berdi. Xitoy betaraf qoldi.
Rezolyutsiya matni sakkizta banddan iborat bo‘lib, ulardan biri orbitaga chiqarish uchun mo‘ljallangan yadro qurolini ishlab chiqishni, bunday qurolni osmon jismlariga o‘rnatishni va ularni u yoki bu tarzda koinotga joylashtirishni taqiqlaydi.
Yadro qurolini orbitaga joylashtirishni taqiqlash haqidagi nizom 1967-yilda 114 ta davlat tomonidan tuzilgan Koinot haqidagi shartnomada belgilab qo‘yilgan. Ammo bunday qurolni ishlab chiqish hujjatda taqiqlanmagan edi. Rezolyutsiyada, shuningdek, ushbu shartnomani imzolamagan BMT mamlakatlari unga qo‘shilishga da’vat etilgan.
Rossiyaning BMT huzuridagi doimiy vakili o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy ma’lum qilishicha, AQSH rezolyutsiya matniga Rossiya va Xitoy tomonidan taklif etilgan, koinotga boshqa har qanaqa qurol-yarog‘larni joylashtirishdan voz kechish haqidagi bandni kiritishdan bosh tortgan. Shu tariqa, Polyanskiyning so‘zlariga ko‘ra, Amerika hukumati va uning ittifoqchialri yadroviy bo‘lmagan kosmik qurollarni kuchaytirish imkoniyatini saqlab qolmoqchi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya tez orada rezolyutsiyaning Yaponiya va AQSH tashabbusini hamda o‘zining qo‘shimchalarini o‘z ichiga oluvchi boshqa loyihasini taqdim etadi.
Sharhlar